Putin Ramzan Qodirovning rafiqasiga «Qahramon ona» unvonini berdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning rafiqasi Medni Qodirovaga “Qahramon ona” unvonini berdi.

“Oila institutini mustahkamlash va farzandlar tarbiyasidagi ulkan xizmatlari uchun Checheniston Respublikasi, Medni Musayevna Qodirovaga “Qahramon ona” unvoni berilsin”, — deyiladi davlat rahbari eʼlon qilingan farmonda.

Rossiya rahbari 1-iyun, Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida SSSRda mavjud bo‘lgan “Qahramon ona” unvonini tiklashni taklif qilib, bu haqdagi farmonni 15-avgust kuni imzolagan edi.

“Qahramon ona” unvoni o‘n va undan ortiq bolani dunyoga keltirib, voyaga yetkazgan ayollarga beriladi. Ushbu mukofot egalariga bir million rubl miqdorida bir martalik rag‘batlantirish ham to’lanadi. Shuningdek, Qodirovning rasmiy saytida ma’lum qilinishicha, uning 14 nafar farzandi bor.