Qamrov darajasi past bo'lgan tumanlarda maktabgacha ta'lim muassasalarini kengaytirish rejalashtirilmoqda

Prezidentimizning 2021 yil 26 maydagi PQ-5125-sonli "Hududlarda maktabgacha ta'lim xizmatlarini kengaytirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi Qaroriga binoan hududlarda maktabgacha ta'limni rivojlantirishga 100 mln. AQSh dollari ajratilmoqda.

Hujjat qamrov darajasi past bo'lgan hududlarda maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarmog'ini kengaytirish, ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, 3-7 yoshdagi bolalarga ta'lim-tarbiya xizmatlari sifatini oshirish va mazkur sohada nodavlat sektorning ulushini oshirish maqsadida qabul qilindi.

Moliya vazirligiga 2021-2022 yillarda maktabgacha ta'lim xizmatlarini kengaytirish bilan bog'liq tadbirlarni moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasidan 100 mln. dollar miqdorida mablag’ ajratiladi.

Shuningdek, qamrov darajasi past bo'lgan tumanlarda maktabgacha ta'lim xizmatlarini rivojlantirish bo'yicha komissiya tuzildi va uning quyidagi asosiy vazifalari aniqlandi:

• adolat va shaffoflik tamoyillari asosida nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini yaratish bo'yicha loyihalarni tanlash va moliyalashtirish;
• davlat maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish va jihozlash bo'yicha maqsadli dasturlarning o'z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlash;
• maktabgacha ta'lim qamrovini kengaytirish uchun ajratilgan markazlashtirilgan mablag'larning maqsadli va samarali sarflanishini ta'minlash, ushbu sohada amalga oshirilayotgan loyihalarni doimiy tahlilini o'tkazish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha zarur choralarni ko'rish;
• maktabgacha ta'lim xizmatlarini kengaytirish bilan bog'liq chora-tadbirlarni moliyalashtirishda korrupsiya, ortiqcha sarsonlik va byurokratizmga yo’l qo’ymaslik.

Hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida nashr etildigan va 2021 yil 27 maydan boshlab kuchga kirdi.