Qarshining sobiq hokimi 4 yilga qamaladi

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrining sobiq hokimi Jamshid Fozilovga nisbatan hukm o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Avvalroq 2018-2019-yillarda shaharning sobiq rahbari, qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari U.A., Qarshi shahar bosh arxitektori Sh.B. va boshqalar hokimlik zaxirasidan 60 milliard 512 million so‘mlik yer uchastkalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazib berganligi aniqlanga edi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining qarori bilan Fozilov Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) ga asosan 2 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Ta'kidlanishicha, Jamshid Fozilov sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati bergan.






