Qashqadaryoda ijtimoiy soha va infratuzilmani yaxshilash uchun 360 milliard soʼm ajratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-aprel kuni Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasidagi ishtiroki davomida bundan keyingi vazifalarga va yechimini kutayotgan muammolarga koʼproq toʼxtaldi.

Viloyat aholisining atigi 43 foizi markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlangan. Gaz, elektr, ichki yoʼllar, transport, qishloq xoʼjaligi, bank-kredit sohalarida ham muammolar bor. Viloyatda 108 ta tibbiyot muassasasi, 172 ta maktab, 144 ta bolalar bogʼchasi taʼmirtalab ahvolda. Koʼplab bogʼcha va maktablarda isitish tizimi ishdan chiqqan. 19 ta maktabda qatnov koeffitsienti yuqori boʼlib, oʼquvchi oʼrinlari yetishmaydi.

Shu bois, joriy yilda Qashqadaryoda ijtimoiy soha va infratuzilmani yaxshilash uchun respublika budjetidan qoʼshimcha 360 milliard soʼm ajratilishi taʼkidlandi. Shuningdek, xalqaro moliya institutlari mablagʼlaridan 100 million dollar imtiyozli mablagʼlar yoʼnaltiriladi.

Bugungi kunda 350 ming odam ishga muhtojligi, yangi mahallabay tizim asosida ularni tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilikka jalb etish muhimligi qayd etildi. 2022-2023-yillarga moʼljallangan umumiy qiymati 14,7 trillion soʼm boʼlgan 270 ta sanoat loyihalari dasturi shakllantirilgani maʼlum qilindi.

Qishloq xoʼjaligida 7,4 trillion soʼmlik 524 ta loyihani amalga oshirib, 286 mingta ish oʼrni yaratish mumkinligi taʼkidlandi.

Shuningdek, joriy yilda Qashqadaryoda 5 ming xonadonli 143 ta koʼp qavatli uy-joy foydalanishga topshiriladi.

1 ming 823 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari hamda 1 ming 570 kilometr ichki yoʼllar quriladi, 9 mingdan ziyod aholining gaz taʼminoti qayta tiklanadi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida bu yil 30 ta maskan qiyofasi yaxshilanadi.

Maktabgacha taʼlim muassasalari va maktablar, tibbiyot punktlari qurish, yoshlarning vaqtini mazmunli tashkil etish boʼyicha koʼrsatmalar berildi.