Qashqadaryoda Qizil kitobga kiritilgan qoʻngʻir ayiq otib tashlandi

5-aprel kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Yashnobod mahallasi hududiga Qizil kitobga kiritilgan qoʻngʻir ayiq kelib qolgani aytilgan xabarlar tarqalgandi. Tabiat resurslari vazirligi shu kuni tunda ayiq otib tashlanganini maʼlum qildi.

Vazirlikka koʻra, kecha taxminan soat 23:00 da ayiq Qumdaryoga yaqin joydagi jarlikda hosil boʻlgan gʻor ichiga kirib olgan. Birozdan so‘ng bu yerda mahalliy aholi to‘plangan.

Mahalliy hokimlik vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘z vaqtida tegishli chora-tadbirlar koʻrilmagani bois ayiq bezovtalanib, jarlikdan tepaga chiqishga uringan.

Chiroqchi tumani IIB boshlig‘i A.B. atrofga yig‘ilgan aholi xavfsizligini ta'minlash maqsadida ovchi D.A. ga ayiqqa o‘q uzishga ko‘rsatma bergan. Natijada ayiqning joni uzilgan.

“Toshkent hayvonot bog‘i vakillari hodisa joyiga yetib borganida ayiq nobud bo‘lgan edi. Mazkur holat o‘rganilishi davom etmoqda. Masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan va buning oqibatida qoʻngʻir ayiqning oʻlimiga sabab bo‘lgan masʼullarga nisbatan tegishli tartibda intizomiy jazo choralari koʻriladi”, deyiladi xabarda.