Qashqadaryoda tarvuz pishdi

Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanidagi sabzavotchilik va polizchilikka ixtisoslashgan “Rajab hoji” fermer xo‘jaligida tarvuz pishib yetildi. Bu haqda “Qashqadaryo gazetasi” xabar berdi.
Xo‘jalik raisi, mashhur polizchi Ulug‘bek Jumanazarovning ma’lum qilishicha, o‘zining ertapisharligi, yuqori hosildorligi va uzoq masofaga transportda tashish uchun qulayligi bilan ajralib turadigan “Dolby F1” navli tarvuz urug‘lari o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida maxsus issiqxonalarga ekilgan.
Anomal (-22 darajagacha) sovuq kuzatilgan kunlarda ham tarvuzchilar ko‘chatlarini saqlab qolishning uddasidan chiqqan va aprel oyning o‘rtalariga kelib hosil olmoqda.
Fermer xoʻjaligining 6 gektariga tarvuz ekilgan boʻlsa, shundan 2 gektaridagi hosil pishib yetilgan. Qolgani keyingi 1,5 oy davomida peshma-pesh yetilib, savdoga chiqariladi. Koʻkdalalik polizchilar bu yil jami 20 ming gektar yerda tarvuz yetishtirishmoqda.






