Qashqadaryodagi barcha kasb-hunar markazlari «Oʼzbekneftgaz» АJ tizimiga biriktiriladi

Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda ma'lum qildi.

"Men “Oʼzbekneftgaz” АJ Boshqaruv raisi Mehriddin Аbdullaev bilan batafsil gaplashdim. Qashqadaryoda bu jamiyat ishtirokida yangicha tizim yoʼlga qoʼyamiz. Bunda neft va gaz sohasining viloyatda faoliyat koʼrsatayotgan 5 ta yirik korxona mutaxassislari tajribasidan foydalanamiz. Endi, hududdagi barcha kasb-hunar markazlari ikkita eng yirik boʼlgan Shoʼrtan gaz kimyo majmuasi va Muborak gazni qayta ishlash zavodiga biriktiriladi.

Bu degani, shu korxona mutaxassislari talab yuqori boʼlgan mutaxassislarni viloyat boʼyicha tayyorlash rejalarini belgilaydi, oʼquv dasturlar va metodikasini amaliyotdan kelib chiqib, qayta koʼrib chiqadi, har bir yosh oʼquvchi oʼqish jarayonida oʼz mutaxassisliklari boʼyicha amaliyot oʼtishini tashkil etadi.

Yangi ochilgan monomarkazda IT, murakkab uskuna operatori va boshqa yuqori texnologik mutaxassisliklar oʼrgatiladi. Shuningdek, har bir tumanda kamida beshtadan, jami viloyatda 90 ta kasbga oʼqitish maskanlarida tumanning ixtisosligidan kelib chiqib, yoshlar va ishsizlar kasbga bepul oʼqitiladi.

Shu tizim orqali, kelgusi besh yilda 150 mingdan ziyod ishsizlar va yoshlar tadbirkorlik va kasb-hunarga oʼqitiladi. Bundan tashqari, Shahrisabz, Kitob, Kasbi hamda Qarshi shahrida hunarmandchilik markazlari qurilib, 15 mingdan ziyod yoshlar shogirdlikka olinadi," – dedi Shavkat Mirziyoyev.