Qishki Olimpiya o’yinlarida hamyurtimiz o’z rekordini yangiladi

Xitoy poytaxti Pekinda davom etayotgan qishki Olimpiya oʼyinlarida13-fevral kuni togʼ changʼisining gigant slalom musobaqalarida hamyurtimiz Komiljon Toʼxtayev Oʼzbekiston sharafini himoya qildi.

Mazkur yoʼnalishda 90 nafar atrofidagi ishtirokchilar oq olimpiadaning medallari uchun kurash olib bordilar. Murakkab ob-havo sharoitida oʼtgan bahslarda ularning deyarli teng yarmi belgilangan marrani bosib oʼta olmadi.

"Ice River" trassasidagi musobaqalarning birinchi va ikkinchi bosqichida omadli qatnashgan 46 nafar sportchi orasida hamyurtimiz Komiljon Toʼxtayev nomi ham qayd etildi.

U ilk startda 1:12.77 natija bilan 35-oʼrinda joylashdi. Ikkinchi startda esa belgilangan masofani 1 daqiqa 14.72 soniya ichida bosib oʼtdi va 27-oʼrinni egalladi va ikkita urinishning umumiy natijasiga koʼra, 2:27.49 ni tashkil etgan tarzda 29-pogʼonani band etdi.

Togʼ changʼisining gigant slalom yoʼnalishida gʼoliblik masofani 2.09,35 da bexato kesib oʼtgan shvetsariyalik Marko Odermattga nasib etdi. Sloveniya sharafini himoya qilgan Jan Kranes 2.09,54 koʼrsatkich bilan 2-oʼrinni, marraga 2.10,69 da yetib kelgan fransiyalik Matyo Fevr 3-oʼrinni qoʼlga kiritdi.

Ta’kidlash joizki, Komiljon Toʼxtayev ushbu natijasi bilan Qishki olimpiya oʼyinlaridagi oʼz shaxsiy rekordini yangiladi.

Toʼrt yil muqaddam, 2018-yili Janubiy Koreyaning Pyongchang shahrida oʼtgan Qishki olimpiya oʼyinlarida u 52-oʼrinni egallagan edi.

13-fevral oʼtkazilgan musobaqalardan soʼng, medallar jamgʼarish boʼyicha Norvegiya, Germaniya va АQSh jamoalari yetakchilik qilmoqda.

P.S: hamyurtimiz Toʼxtayev 16-fevral kuni oʼtadigan togʼ changʼisining slalom bellashuvlarida olimpiya medallari uchun bahs olib boradi.