Qohirada O‘zbekiston-Misr siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi

2022-yil 25-may kuni Qohira shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Misr Arab Respublikasi Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 10-davrasi bo‘lib o‘tdi.

Maslahatlashuvlar O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov va Misr Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ayman Komil rahbarligida o‘tkazildi.

Tomonlar O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatilganligining 30-yilligi bilan bir-birlarini qutlar ekan, ikki davlatda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada jadallashtirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini tasdiqladilar.

2018-yilning 4-5-sentabr kunlari Toshkentda, 2022-yil 5-fevralda Pekinda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Abdulfattoh as-Sisi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar ikki tomonlama munosabatlarni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqqanligi qayd etildi.

Xalqlarimizga xos bo‘lgan tarixiy va madaniy mushtaraklik hamda urf-odatlarning yaqinligi va o‘xshashligi O‘zbekiston-Misr munosabatlarining mustahkam poydevori sifatida xizmat qilayotganligi alohida ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zbekiston Respublikasining Qohira shahridagi Elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, suhbat davomida ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni qo‘llab quvvatlash, o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish, ta’lim, diniy-ma’rifiy, innovatsiya, sog‘liqni saqlash, xavfsizlik kabi ustuvor sohalarda aloqalarni kengaytirish, buyuk allomalarimiz merosini tadqiq etish, muzeyshunoslik va arxeologik yodgorliklar yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.