Qoraqalpog‘istonda Prezident topshirig'i bilan qurilayotgan ko‘prigning bir qismi qulab tushdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonning Amudaryo va Qorauzyak viloyatlari o‘rtasida qurilayotgan qulagan ko‘prik surati tarqaldi. Vaziyatga Amudaryo tumani hokimligi matbuot xizmati izoh berdi.

Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatini bog‘lovchi Amudaryo ustiga avtomobil va temiryo‘l qo‘shma ko‘prigini qurish ishlari boshlangan.

Loyihaning buyurtmachisi “O‘zbekiston temir yo‘llari”, bosh loyihachisi “Boshtransloyxa”, bosh pudratchisi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiy bo‘linmalari bo‘lgan.

Ta'kidlanishicha, Amudaryo tumani hududidan Xorazm viloyati hududiga temiryo‘l transporti tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish maqsadida Amudaryo tumani hududining shimoliy qismidan o‘tuvchi A-380 G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beynev avtomobli yo‘lining 717–718-kilometr oralig‘idan osma ko‘prik o‘tkazilgan.

Ushbu ko‘prikka 14-sonli ko‘prik qurilish otryadi tomonidan vaqtinchalik tayanch balkalar o‘rnatilgan. Mazkur balkalar ko‘prik qurilishida vaqtinchalik vazifa bajaruvchi, yordamchi vosita hisoblanadi. Hodisa oqibatida hech kim jabr ko‘rmagan.

Ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahridan tegishli mutaxassislar va laboratoriya xodimlari chaqirilgan.