Qozogʻiston MXQ sobiq raisi Karim Masimov 18 yilga qamaldi

Ostona shahar jinoyat ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tumanlararo sudi Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi sobiq raisi Karim Masimovni 18 yilga ozodlikdan mahrum qilish toʻgʻrisida hukm chiqardi. U davlatga xiyonat, hokimiyatni majburan tortib olish, mansab vakolatini suiiste'mol qilishda aybdor deb topilgan.

Mahalliy nashrlarga koʻra, Karim Masimovning mol-mulki musodara qilinadi, davlat xizmatida lavozimlarni egallash huquqidan, barcha unvonlari va davlat mukofotlaridan umrbod mahrum etiladi.

Eslatib oʻtamiz, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toʻqayevning 2022-yil 5-yanvardagi farmoni bilan Karim Masimov mamlakatdagi tartibsizliklar tufayli MXQ raisi lavozimidan ozod etilgan edi. 8-yanvar kuni MXQ Masimov davlatga xiyonatda gumon qilinib, hibsga olinganini ma’lum qildi. 7-noyabr kuni Qozog‘iston Bosh prokuraturasi Masimovga qarshi jinoiy ishni sudga yubordi.