Qozog‘istonda 9-may kuni harbiy parad o‘tkazilmaydi

Qozog‘iston Mudofaa vazirligi xarajatlarni tejash va boshqa vazifalar tufayli bu yil 7-may Vatan himoyachilari kuni hamda 9-may G‘alaba kuniga bag‘ishlangan harbiy parad oʻtkazmaydi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Qozogʻistonda byudjet mablagʻlarini tejash, shuningdek, boshqa muammolarni hal qilish zarurati tufayli 2023-yilda harbiy parad oʻtkazish rejalashtirilmagan. Ayni vaqtda Qozogʻiston Qurolli kuchlari boʻlinmalarining jangovar tayyorgarligi va harakatchanligini talab darajasida saqlash ustuvor vazifadir”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Eslatib oʻtamiz, 2022-yilda ham Qozog‘istonda Vatan himoyachilari kuni va G‘alaba kuni sharafiga harbiy parad o‘tkazilmagandi. Umuman olganda, respublikada 2019-yildan buyon 7-may sanasida harbiy parad, pandemiya boshlanganidan buyon esa 9-may bayrami o‘tkazilmagan.






