Qozog‘iston O‘zbekiston va Rossiya bilan chegarada 12 ta avtomobil o‘tkazish punkti ochdi

Qozog‘iston Rossiya va O‘zbekiston bilan chegarada 12 ta avtomobil o‘tkazish punkti ochdi. Qaror 12-iyuldan kuchga kiradi, deya xabar beradi Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
“Qozogʻiston Respublikasi hududida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha idoralararo komissiya Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi bilan davlat chegarasi orqali 12 ta avtomobil nazorat-oʻtkazish punkti faoliyatiga qoʻyilgan taqiqni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qildi”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi “Daut-ata-Tojen” nazorat-o‘tkazish punktida fuqarolar va avtomashinalarning o‘tishi vaqtinchalik to‘xtatilgani ma’lum bo‘lgan edi. Ayni paytda mazkur nazorat-o‘tkazish punkti og‘ir avtomobillar uchun ochiq.
Ushbu chora-tadbirlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 3-iyuldan 2-avgustgacha bo‘lgan muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasida favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmoni munosabati bilan amalga oshirila boshlandi.






