Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv tashkil etildi

Bugun, 3-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi bilan uchrashdi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-tranzit, suv energetikasi, madaniy-gumanitar sohalardagi O‘zbekiston-Qozog‘iston ittifoqchilik munosabatlarining dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Oliy darajadagi uchrashuvlar natijasida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Bo‘lajak tadbirlar, jumladan, ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash (1992-yil 23-noyabr) doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar jadvali ko‘rib chiqildi.

P.S: Qozogʻiston Bosh vaziri oʻrinbosari, Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi “BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlik” oliy darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun Toshkent shahriga keldi.