Qurilish, yoʼl infratuzilmasini yaxshilash va tabiiy gaz taʼminotiga oid loyihalar koʼrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-yanvar kuni qurilish, yoʼl infratuzilmasini yaxshilash va tabiiy gaz taʼminotiga oid loyihalar bilan tanishdi.

“Toshkent-Chinoz” avtomobil yoʼlini taʼmirlash loyihasi ulardan biri. Maʼlumki, bu yoʼl juda serqatnov boʼlib, bir kecha-kunduzda 60-65 ming avtotransport harakatlanadi. Shu bois, uning 10 kilometr qismini taʼmirlash, 5 dona yerosti oʼtish yoʼlagi va qoʼshimcha mahalliy yoʼllar qurish moʼljallangan.

Poytaxtimizdagi Temur Malik koʼchasini 6 tasmali etib kengaytirish, uning ikki chetida koʼp qavatli uy va xizmat koʼrsatish binolari qurish, Jizzax shahridagi Oʼzbekiston koʼchasida 210 metrli yoʼl oʼtkazgich barpo etish boʼyicha ham loyihalar rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari bu loyihalarni maʼqullab, ularning hujjatlarini ishlab chiqish, sifatli qilib qurish boʼyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Xususan, bugungi kunda Jizzax shahar gaz taʼminoti tizimida 767 kilometr quvur, 6 ta gaz taqsimlash stantsiyasi, 1 ming 600 dan ziyod gaz taqsimlash punkti bor. Ushbu tizimni xalqaro standartlar asosida va toʼgʼridan-toʼgʼri investitsiyalar jalb qilish orqali modernizatsiya qilish boʼyicha loyiha ishlab chiqilgan.

Texnik ustuvor yechimlardan foydalanib amalga oshiriladigan loyiha doirasida eski gaz quvurlari olib tashlanib, 1 ming 500 kilometrdan ziyod yangi quvurlar tortilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, gaz taqsimlash stantsiyalari soni 6 tadan 2 tagacha qisqartirilib, 3 bosqichli tizimdan 2 bosqichli tizimga oʼtiladi. Natijada hozirgi holatdagi 115 million kub metr yoʼqotishlar bartaraf etiladi.

Prezidentimiz bu loyihaning samaradorligiga alohida ahamiyat qaratib, uni tezlashtirish zarurligini taʼkidladi. Shuningdek, bunday tizimni bir paytning oʼzida Sirdaryo viloyati Guliston shahrida, keyinchalik boshqa hududlarda ham amalga oshirish vazifasi qoʼyildi. Bu ishlar gaz taqsimlash va hisob-kitobni tartibga solib, uning xalqimizga barqaror va toʼla yetib borishiga xizmat qiladi.