Quvvati qariyb 3 million tonna boʼlgan 160 dan ortiq yirik xususiy don korxonalari ish boshladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida don mahsulotlari korxonalarida transformatsiya jarayonlarining natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yigʼilish bo’lib o’tmoqda.
“Koʼrib turibsizlar, jahon bozorlarida oziq-ovqat narxlari kun sayin yuqori surʼatlar bilan oʼsmoqda.
Bugungi kunda xalqaro birjalarda 1 tonna bugʼdoy 400 dollardan sotilmoqda va yil boshiga nisbatan 30 foizga oshdi.
Bunday vaziyatda narx-navo barqarorligini taʼminlashning yagona toʼgʼri yoʼli bu – fermerlar manfaatdorligini taʼminlash, hosildorlikni oshirish orqali bozorda taklifni koʼpaytirish hisoblanadi.
Buning uchun gʼallachilikda bozor mexanizmlarini toʼliq joriy etish zarur.
Biz bu islohotlarga uzoq tayyorgarlik koʼrdik. Barcha masalalarni puxta hisob-kitob qilib, bu ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirib kelayapmiz”, dedi davlat rahbari yigʼilish avvalida.
Sohada xususiy sektorga keng yoʼl ochilgani tufayli uning ulushi tobora ortib borayotgani taʼkidlandi.
Xususan, soʼnggi uch yilda hududlarda quvvati qariyb 3 million tonna boʼlgan 160 dan ortiq yirik xususiy don korxonalari ish boshladi.






