Ramazonda toʼgʼri ovqatlanishning 9 ta oltin qoidasi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Ramazonda sogʼlom ovqatlanish va oshqozon ichak tizimi salomatligini saqlash uchun qator tavsiyalarni berdi.
Taomlanishni xurmodan boshlang
Xurmo — bu roʼza paytida kun davomida energiya bilan taʼminlaydigan uglevodlarning manbai hisoblanadi. Xurmo mevasi tolalari ovqat hazm qilish traktini ishlashini tartibga soladi. Bundan tashqari, xurmo magniy va kaliyga boy.
Koʼp miqdorda suv iching
Аyniqsa issiq havoda tanangizni suv bilan taʼminlash uchun yetarli miqdorda suv ichish juda muhimdir. Kun davomida chanqamaslik uchun ogʼiz ochilgandan keyin va saharlikdan oldin yetarlicha suv iching.
Chanqatadigan ovqatlar va mahsulotlardan saqlaning
Tuzli ovqatlar, konservalar, tuzlangan bodring, baliqlardan saqlaning. Bundan tashqari, ziravorlarga boy ovqatlardan saqlaning, chunki ular sizda chanqoq hissini oshiradi. Koʼproq meva va sabzavotlarni isteʼmol qiling, ular organizmning suv zaxiralarini yangilaydi va toʼldiradi.
Sekin, shoshilmasdan iftorlik qiling
Uzoq muddatli ochlikdan soʼng, tanaga katta miqdordagi oziq-ovqat tushishi – stressdir. Mo’tadil boʼlishga harakat qiling iftorni xurmo, suv bilan boshlang, keyin suyuq taom yoki salat iste’mol qilishingiz mumkin. Bir muncha vaqt oʼtgach, asosiy taomga oʼting. Ortiqcha ovqatlanish ovqat hazm qilishda muammolar va oshqozon ogʼrigʼiga sabab boʼlishi mumkin.
Taomingizda barcha kerakli nutrientlar mavjudligiga ishonch hosil qiling
Iftorda oqsillar, sabzavotlar, yormalar, mevalar va foydali yogʼlar kabi ovqatlar boʼlishiga e’tiborli bo’ling.
Sogʼlom ovqatlarni tanlang
Ratsioningizda don, yormalar, tovuq goʼshti, yogʼsiz goʼsht, baliq, zaytun moyi va mevalar boʼlishi kerak. Qovurilgan, shoʼr va yogʼli ovqatlardan saqlaning. Goʼsht, dukkaklilar, tuxum va sut mahsulotlari oqsilga boy. Ushbu oziq-ovqat mahsulotlaridan kamida bittasini har kuni isteʼmol qilishga harakat qiling.
Shirinliklardan saqlaning
Iftordan keyingi shirinliklar qorinda gaz toʼplanishiga sabab boʼladi va ovqat hazm qilish jarayonini buzadi. Bundan tashqari, u qondagi glyukoza miqdorini oshiradi, bu esa shirinliklarga boʼlgan ehtiyojni yanada oshiradi. Shuning uchun iftorlikdan 2–3 soatdan keyin shirinliklarni isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Ammo shirinlik orniga foydaliroq mahsulotlar masalan, xurmo, quruq mevalar va ho’l mevalar tanavvul qilish salomatligingizga yaxshiroq ta’sir ko’rsatadi.
Qahva (kofe) ichishdan tiyiling
Ramazon oyida bosh ogʼrigʼi va uyqusizlikka yoʼl qoʼymaslik uchun qahva ichishni kamaytirishga harakat qiling.
Iftorlik va saharlik orasida yengil tamaddi qilishga odatlaning
Аsosiy ovqatlanishni uch qismga boʼlish va iftorlik hamda saharlik orasida yengil tamaddi qilib olish tavsiya qilinadi. Uchdan bir qismi murakkab uglevodlar, uchdan biri yogʼsiz goʼsht yoki baliq, qolganlari esa sabzavot boʼlishi sogʼlom muvozanatli ovqatlanish hisoblanadi.






