«Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida eng yaxshi startap» tanlovi oʻtkaziladi

Hukumat qarori bilan Prezident sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President Tech Award) tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi. Nizomga koʻra, tanlov 2023-yil maydan har yili quyidagi 5 ta asosiy hamda 1 ta maxsus yoʻnalish boʻyicha oʻtkaziladi.

Jumladan:
sunʼiy intellekt texnologiyalari;
ijtimoiy yoʻnalishda raqamli texnologiyalar;
axborot va kiberxavfsizlik texnologiyalari;
tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar;
kompyuter va mobil oʻyin dasturlari.

Tanlovning asosiy yoʻnalishlarida 30 yoshga toʻlmagan Oʻzbekiston fuqarolari bir jamoa tarkibida (3–8 kishi) qatnashadi.

Maxsus yoʻnalishda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidenti boʻlgan tashkilotlarda ishlayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham (3–5 kishi) ishtirok etishi mumkin.

Tanlov gʻoliblari 5 ta asosiy yoʻnalish boʻyicha quyidagicha taqdirlanadi:

1-oʻrin uchun – 100 ming AQSH dollari;
2-oʻrin uchun – 50 ming AQSH dollari;
3-oʻrin uchun – 30 ming AQSH dollari;

Maxsus yoʻnalish boʻyicha (bitta) – 100 ming AQSH dollari.