Rashid Meredovga Do'stlik ordeni topshirildi

Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasining Ashxobod shahriga tashrifi doirasida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o'rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovga "Do'stlik" ordenini topshirish marosimi bo'lib o'tdi.
Ushbu orden R. Meredovning strategik sheriklik va ko'p qirrali hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga qo'shgan katta shaxsiy hissasi, O'zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o'rtasida ko'p asrlik do'stlik va yaxshi qo'shnichilik rishtalarini mustahkamlash uchun topshirildi.
R. Meredov O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga o'z faoliyatini yuqori baholagani va "Do'stlik"ordeni bilan taqdirlangani uchun minnatdorlik bildirdi.
Turkmaniston tashqi ishlar vazirligi rahbari ikki qardosh davlat o'rtasida ko'p qirrali va strategik sheriklikni rivojlantirishda barcha sa'y-harakatlarni davom ettirish niyatida ekanini ta'kidladi.






