Respublikada 40 mingta koʼp qavatli uy-joyning 31 mingga yaqini 1991-yilgacha qurilgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirigʼiga asosan Bosh vazir Аbdulla Аripov raisligida Oʼzbekistonda davom etayotgan anomal sovuq havo sharoitida amalga oshirilishi lozim boʼlgan vazifalar muhokamasiga bagʼishlangan videoselektor yigʼilishi o’tkazildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda respublika boʼyicha jami 40 mingta koʼp qavatli uy-joy mavjud boʼlsa, shundan 31 mingga yaqini 1991-yilgacha qurilgan.

Shu bois, Qurilish va uy-joy kommunal xoʼjaligi vazirligi Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu 31 mingta uylarning fasad qismini renovatsiya asosida bosqichma-bosqich bazalt qoplamaga oʼtkazish hamda muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda issiq suv va elektr bilan taʼminlashni nazarda tutuvchi dastur loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi topshirildi.

Shu bilan birga, Qurilish va uy-joy kommunal xoʼjaligi vazirligi endilikda yangidan quriladigan koʼp qavatli uylar va ijtimoiy soha obyektlarining loyiha-smeta hujjatlariga energiya samaradorlik darajasi yuqori boʼlgan qurilish materiallari va jihozlardan foydalanishni majburiy tartibda kiritishi topshirildi.

Bu borada energiyatejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarishni koʼpaytirishga ham eʼtibor qaratish kerakligi qayd etildi.

Maʼlumotlarga koʼra, bugungi kunda respublikamizda jami 13,2 ming tonna bazalt xom ashyosi ishlab chiqarilmoqda. Bu esa yillik ehtiyoj (5 mln m kv yoki 36 ming tonna) 30 foizini ham tashkil etmaydi.

Shu bois, “Oʼzsanoatqurilishbank” “Oʼzsanoqurilishmateriallari” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda joylarda bazalt xom-ashyosi ishlab chiqarish loyihalarini koʼpaytirish boʼyicha alohida dastur tayyorlab, yil yakuniga qadar kamida 5 ming tonnalik quvvat yaratishi kerakligi taʼkidlandi.

“Oʼzeltexsanot” uyushmasi ham ikki oy muddatda transformatorlar, kabellar, quyosh panellari va suv isitish kollektorlarini ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish boʼyicha alohida dastur tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilandi.