Roman Abramovich boyliklarini sanksiyalardan qanday olib qochgan?

2022-yil 24-fevral kuni Rossiya va Ukraina urushi boshlangandan soʻng eng mashhur rus oligarxlaridan biri Roman Abramovich o'z aktivlarining katta qismini Kipr hamda Jersida joylashgan offshor moliya institutlaridagi 10 ta trast fondida qayta ro'yxatdan o'tkazdi. Bu haqda “Forbes” xabar berdi.
Uyushgan jinoyat va korrupsiyani tergov qilish markazi, “Forbes” va “The Guardian” tomonidan qo'lga kiritilib, oshkor qilingan hujjatlarga ko'ra, bu fondlarda kamida 4 milliard dollarlik mulk bor.
“O'n to'qqiz kun oʻtib Abramovichga Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiya qo'yilganida u aktivlarini allaqachon farzandlarining nomiga oʻtkazib ulgurgan edi. Shu orqali u o'zining superyaxtalarini Yevropadan olib chiqib ketdi va ularning to'rttasi jumladan, 429 million dollarlik “Eclipse” va 507 million dollarlik “Solaris” Rossiya Ukraina mojarosida neytral boʻlgan Turkiyaga yo‘l oldi”, deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun, Britaniyaning bosimi ostida Abramovich “Chelsi” futbol klubini ham sotishga majbur boʻldi. Oʻshanda uning boyligi rubl qulab, Rossiya birjasida savdolar to‘xtatilgandan so‘ng 14,3 milliard dollardan 6,9 milliard dollarga tushib ketdi. “Forbes” ma'lumotlariga ko'ra, hozirda Abramovich aktivlarining bahosi avvalgi qiymatlarga biroz yaqinroq — 9,2 milliard dollarni tashkil etmoqda.






