Rossiyada maymun chechagiga qarshi vaksina ishlab chiqildi

Rossiyaning Federal tibbiy-biologik agentligi (FMBA) maymun chechagi infeksiyasiga qarshi vaksina ishlab chiqdi. Ayni paytda yangi preparat klinik sinovdan o‘tkazilmoqda.
Agentlik rahbari Veronika Skvorsovaning ma’lum qilishicha, dastlabki tadqiqotlar mazkur vaksina yuqori samaradorlik va immunogenlikka ega. Eng muhimi, u xavfsiz bo‘lib, nojo‘ya ta’sirlarni keltirib chiqarmaydi.
Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda mazkur virus shiddat bilan tarqalmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda maymun chechagi infeksiyasi tasdiqlangan bemorlar soni 52 ming nafardan oshgan.
Kasallikdan AQSH va Yevropa aholisi eng ko‘p aziyat chekmoqda. Xususan, Qo‘shma Shtatlar bu ro‘yxatda peshqadam. Mamlakatda maymun chechagini yuqtirganlar soni qariyb 19,3 ming nafarni tashkil etmoqda.
Keyingi o‘rinda 6,6 mingta holat bilan Ispaniya bormoqda. Shuningdek, Braziliyada 5,1 ming, Fransiyada 3,6 ming, Germaniyada 3,4 ming va Buyuk Britaniyada 3,2 ming nafar kishiga mazkur xastalik tashxisi qo‘yilgan.
Avvalroq, Italiyada 36 yoshli bemorda ham koronavirus, ham OIV, ham maymun chechagi infeksiyasi aniqlangani va bu tibbiyot tarixidagi ilk holat deya baholangani haqida xabar qilingan.






