Rossiyada yengil avtomobillar savdosi quladi

Rossiyada yengil avtomobillar va yengil tijorat avtomobillari sotuvi may oyida 83,5 foizga qisqarib, 24,2 mingtani tashkil etdi. Bu haqda Yevropa bizneslari assotsiatsiyasi (AEB) hisobotida qayd etilgan.

Ma’lum qilinishicha, Rossiyada yengil avtomobillar savdosi 2022-yilning birinchi besh oyida 52 foizga tushib, 318 mingtani tashkil etgan. Mamlakatdagi avvalgi antirekord aprel oyida kuzatilgan bo‘lib, o’shanda 78,5 foizlik pasayish bilan 32,7 mingta yangi avtomobil sotilgan edi.

AvtoVAZ avtomobillari sotuvi may oyida 84 foizga tushib, 6 mingtani tashkil etdi. Shu bilan birga, AvtoVAZda ehtiyot qismlar yetishmasligi sababli bir oy davomida ishlab chiqarish to'xtab qolgandi. May oyidagi Kia sotuvi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 81 foizga, Hyundai – 82 foizga, Renault – 86 foizga, Skoda – 92 foizga (mingtadan kam avtomobil sotilgan) kamaydi.

Eng katta pasayish Lexus brendida qayd etilgan — savdo hajmi 99 foizga pastlagan (atigi 20 ta mashina sotilgan). FIATda 98 foizga (2 ta mashina sotilgan), Volvo — 96 foizga (38 ta mashina sotilgan) pasayish qayd etilgan.

Xitoy ishlab chiqaruvchilari Geely va Changan yevropaliklarga qaraganda “qoniqarli” natijalarni ko'rsatdi: ular mos ravishda 55 foiz va 27 foiz yo'qotdi.

May oyida UAZ va GAZda ham kichikroq bo’lsada pasayish kuzatildi — mos ravishda 41 foiz va 57 foiz. Yanvardan maygacha bo'lgan davrda 2021 yilga nisbatan GAZ sotuvi 32 foizga, 13 mingtagacha, UAZ avtomobillari esa 21 foizga, 10,3 mingtagacha kamaygan.

Eng ko'p sotilgan modellar beshligiga quyidagilar kiradi: Lada Granta, Lada Vesta, Kia Rio, Hyundai Creta va Lada Niva.

Ma’lumot uchun, 2022 yilning yanvar-aprel oylarida O’zbekiston Rossiyadan 848 ta avtomobil import qilgan.