Rossiyadagi yurtdoshlarimiz haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirishi mumkin

O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi konsullik muassasalarida O‘zbekiston Respublikasining eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish tartibi bo‘yicha vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi konsullik muassasasi orqali Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (IIV YHXBB) tomonidan rasmiylashtiriladi.
Talabgor eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun konsullik muassasasiga ariza bilan shaxsan murojaat qiladi.
Konsullik muassasasi talabgor nomidan so‘rovnomani to‘ldirib, 1 ish kunida IIV YHXBBga yuboradi.
Eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi yangisiga almashtirish uchun quyidagilar undiriladi:
• BHMning 70 foizi miqdorida to‘lov;
• 20 AQSH dollari miqdorida konsullik yig‘imi;
• 20 AQSH dollari miqdorida haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash uchun yig‘im.






