Rossiyaning Gerofarm kompaniyasi bilan hamkorlik yo’lga qo’yiladi

 
Moskvada Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiyaning “Gerofarm” biotexnologiya kompaniyasi rahbariyati hayot uchun zarur boʼlgan insulin dori vositalarini ishlab chiqarish va yetkazib berish loyihasini shakllantirish boʼyicha bitim imzoladilar.
 
Hujjatda Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi va “Gerofarm” kompaniyasi oʼrtasida Oʼzbekistonda insulin ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasini hayotga joriy etish boʼyicha ishchi guruh tuzish nazarda tutilgan.
 
Loyihaning amalga oshirilishi qandli diabet bilan ogʼriydigan bemorlar uchun bir qator muhim dori vositalarining ommabopligini sezilarli darajada oshiradi hamda Oʼzbekiston sogʼliqni saqlash tizimining ushbu dorilar importiga qaramligini kamaytirish, dori-darmon xavfsizligini taʼminlash va mamlakatda biotexnologik ishlab chiqarishni rivojlantirishda muhim qadam boʼladi.
 
Maʼlumot uchun: “Gerofarm” MChJ MDH va YeOII mamlakatlarida biotexnologik dori ishlab chiqaruvchilari orasida yetakchi kompaniya hisoblanadi. Kompaniya endokrinologiya sohasida yuqori texnologiyali mahsulotlarni eksport qiladi. “Gerofarm” insulinlariga Oʼzbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorida talab katta.