Ro‘zador fermerlarni suv ichishga majburlagan xokim ustidan Bosh prokuraturaga shikoyat qilindi

Fermerlar kengashi ro‘zador fermerlarni suv ichishga majburlagani aytilgan Koson tumani hokimi Asrol Boyqorayevning xatti-harakatlari yuzasidan Bosh prokuraturaga murojaat yo‘llagan. Bu haqda Bosh Prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.

Huquq faoli Abdurahmon Tashanov o‘zining Facebook'dagi sahifasida 31-mart kuni soat 15:00 atrofida majlis chaqirgan tuman hokim qishloq xo‘jaligidagi muammolar haqida g‘azab bilan nutq so‘zlagani, so‘ng majlis zaliga suv keltirishni buyurib, ro‘zadorlarni suv ichishga majbur qilgani haqida yozgandi.

«So‘ng xizmatkorlariga majlis zaliga suv keltirishni buyurdi. „Senlar ro‘za tutvolib, sipo bo‘lib yurasanlar. Ishni kim qiladi?“ deya ro‘zadorlarni suv ichishga majbur qildi. Koson hokimi bu ishi bilan fermerlarni suvga tushirib, mamlakatimizni dunyoga tanitgan hokimning rekordini yangiladi», — deb yozgan u o'z sahifasida.

Ta'kidlanishicha, holat bo‘yicha kengash raisi o‘rinbosari Zafar Mustafaqulov Bosh prokuraturaga murojaat xati yo‘llagan. Unda dastlab Konstitutsiyaning 31-moddasi hamda Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunning 4-moddasi eslab o‘tilgan.

Shuningdek, yuqoridagilarni inobatga olib hokimning xatti-harakatlari yuzasidan prokuror nazorati hujjati qo‘llash masalasini ko‘rib chiqilishida amaliy yordam berish so‘ralgan.