Sadir Japarov O'zbekiston bilan hududlarni almashinish to'g'risidagi bayonotga izoh berdi

Joriy yilning mart oyida Qirg'iziston va O'zbekiston hududlarni almashinish to'g'risida bayonot imzoladilar. Shundan so'ng chegaraoldi qishloqlarda mitinglar o'tkazildi.

Qirg'iziston prezidenti Sadir Japarov OTRKga bergan intervyusida muzokaralar dastlabki bosqichda ekanligini ta'kidladi, deb yozadi sputnik.kg.

Uning so’zlariga ko'ra, xohlaymizmi, yo’qmi, chegara masalasini muzokaralar va yer hududlarini almashinish orqali hal qilishimiz kerak. Prezidentning ta'kidlashicha, avvalgi hokimiyat chegara masalalarini yopiq eshiklar ortida hal qilgan va aholi bu haqda keyin xabardor bo'lgan.

"Avvalgi hokimiyat xatolarini takrorlamaslik uchun biz odamlarga ko'rsatamiz, ularning roziligini olamiz va qaror qabul qilamiz. Bizning siyosatimiz shunday. Aslida hamma narsa yopiq holda o'tkazilishi kerak, chunki, ko'plab qog'ozlar sir tutiladi. Ammo, biz xalqning fikri bilan hisoblashamiz", - dedi Japarov.

Shuningdek, u chegara masalasi bitta imzolangan bayonnoma bilan hal qilinmasligini eslatib o’tdi. Buning uchun to'rt bosqichni yengib o'tish lozim: ishchi komissiyalar qarori, prezidentning roziligi, keyinchalik hujjat JKga yuboriladi yoki qaytarib yuboriladi, parlamentni tasdiqlash va prezident imzosi.

"Hozir bizda faqatgina dastlabki bosqich mavjud. 10-15 yildan so’ng odamlar biz haqimizda yomon gap aytmasliklari uchun biz hamma narsani ochiq va oshkora bo'lishini istaymiz", - deya ta’kidladi u.