Sadir Japarov O‘zbekiston Bosh vazirini qabul qildi

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bugun, 26-sentabr kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovni qabul qildi.

Avval xabar berganimizdek, Bosh vazir ikki davlat hukumat delegatsiyalarining qirgʻiz-oʻzbek davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari boʻyicha qoʻshma majlisida ishtirok etdi. Majlis oxirida ikki davlat hukumat delegatsiyalari rahbarlari tomonidan qo‘shma bayonnoma imzolandi.

Davlat rahbari uchrashuv natijalari ikki mamlakat xalqlari manfaatlaridan kelib chiqib, qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasini delimitatsiya qilish bo‘yicha huquqiy jarayonni tezroq yakunlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Suhbat chog‘ida Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga bo‘lajak davlat tashrifini muhokama qildilar, shuningdek, tashrifga mo‘ljallangan qo‘shma reja va loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratdilar.