Saida Mirziyoyeva Prezident Аdministratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati boʼyicha shoʼʼba mudiri etib tayinlandi

Prezident farmoyishi bilan Saida Shavkatovna Mirziyoyeva Prezident Аdministratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati boʼyicha shoʼʼba mudiri lavozimiga tayinlandi. Ushbu shoʼʼba yangidan tuzilgan boʼlib, Prezident Аdministratsiyasi rahbarining jamoatchilik fikrini oʼrganish va axborot siyosati uchun masʼul oʼrinbosari tizimi tarkibiga kiradi.

Shuningdek, S.Sh.Mirziyoyeva ijtimoiy soha, madaniyat va taʼlim sohalaridagi islohotlar ijrosining borishini ham nazorat qiladi.

Taʼkidlash lozimki, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bitiruvchisi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti magistri, iqtisodiyot fanlari nomzodi Saida Mirziyoyeva koʼp yillar davomida turli sohalarda, shuningdek, 2019-2020-yillarda Prezident Аdministratsiyasi huzuridagi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining oʼrinbosari, 2020-yildan bugungi tayinlovga qadar Milliy mass-mediani qoʼllab-quvvatlash va rivojlantirish fondi vasiylik kengashi raisining oʼrinbosari lavozimlarini egallagan.

Uning faoliyati davomida soʼz erkinligini taʼminlash, vazirlik va idoralarning ochiqlik siyosati, matbuot xizmatlarini joriy etish, madaniyat sohasini rivojlantirish va gender tenglik masalalari boʼyicha koʼplab loyihalar amalga oshirildi.