Samarqand MDH parlamentlarining samarali va amaliy muloqot maydoniga aylandi

27-28-oktabr kunlari Samarqand shahrida ilk bor MDH Parlamentlararo Assambleyasi kuzgi sessiyasining tadbirlari boʼlib oʼtdi.

“Buyuk ipak yoʼli” xalqaro turizm markazidagi Kongress markazida MDH PА ishtirokchi davlatlari parlamentlari delegatsiyalari rahbarlari va aʼzolari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari, olim va ekspertlar ishtirok etgan sessiyaning ikkinchi kunida qator muhim uchrashuv va tadbirlar oʼtkazildi.

Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayevaning Qozogʼiston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi M.Аshimbayev boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuvi bo’lib o’tdi.

Uchrashuvda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, Oʼzbekiston-Qozogʼiston oʼzaro manfaatli munosabatlarini, shuningdek, butun Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Senat Raisi T. Narbayeva Turkmaniston Milliy Gengeshi Mejlisi raisi G.Mammedova bilan uchrashdi.

T. Narbayevaning Tojikiston Respublikasi Majlisi Namoyandagon Majlisi Oli raisi M.Zokirzoda bilan kechgan suhbatida tomonlar ikki mamlakat parlamentlari oʼrtasidagi muloqotni faollashtirish va qonun ijodkorligining turli jihatlari boʼyicha oʼzaro tajriba almashishni davom ettirish zarurligini taʼkiladilar.

MDH Parlamentlararo assambleyasi 54-sessiyasida esa ishtirokchilar tomonidan turli sohalarga oid qator namunaviy qonunlar muhokama qilindi. Sessiya ishida MDHga aʼzo davlatlar parlamentlari rahbarlari soʼzga chiqdilar.

MDH Parlament Аssambleyasining Samarqanddagi kuzgi sessiyasi MDH makonida parlamentlarning samarali muloqotini yoʼlga qoʼyish, iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy va gumanitar hamkorlikni mustahkamlash, amaliy natijalarga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishda oʼziga xos maydon vazifasini oʼtadi.