Samarqand ShHT sammitiga tayyor

Xabaringiz bor, yana bir necha kundan soʼng – 15-16 sentabr kunlari Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkilotining navbati sammiti oʼtkaziladi.

Samarqand sammiti ShHTga aʼzo mamlakatlar rahbarlarining soʼnggi uch yilda birinchi marta bir joyga toʼplanayotgani va tarixda ilk bor 15 mamlakat rahbari ishtirok etishi koʼzda tutilgani bilan ahamiyatli.

Nufuzli anjumanga sanoqli kunlar qolgan pallada Samarqand sammitni oʼtkazish uchun tayyor holatda. Shahar koʼchalariga ShHT va unga aʼzo mamlakatlar bayroqlari, sammitga bagʼishlangan afishalar oʼrnatilgan.

Qayd etish kerakki, sammit arafasida Samarqandda keng koʼlamli bunyodkorlik ishlari olib borildi. Yangi muhtasham va zamonaviy aeroport, Xalqaro turizm markazi qurildi. Markaz hududida jami 10 ta obyekt bunyod etildi – 8 ta (2 ta 5 yulduzli va 6 ta 4 yulduzli) mehmonxona, Kongress xoll hamda Karvonsaroy kompleksi qurildi.

Аnjuman arafasida qurib bitkazilgan “Boqiy shahar” majmuasi ham tashrif buyuruvchi mehmonlar eʼtiboridan chetda qolmaydi.

Bir soʼz bilan aytganda, Samarqand soʼnggi yillardagi eng yirik siyosiy anjumanni oʼtkazishga har tomonlama tayyor.