Samarqand Xalqaro aeroporti «FlyDubai»ning ilk reyslarini qarshi oldi

21-sentabr kuni BAAning FlyDubai aviakompaniyasi Dubaydan Samarqandga birinchi reysini amalga oshirishi kutilayotgani haqida xabar bergan edik. Bugun, ilk samolyot to'g'ridan-to'g'ri reys orqali Samarqand xalqaro aeroportiga qo'ndi.

Aeroport platformasida “Air Marakanda” aviakompaniyasi bosh direktori G‘ayrat Ne’matov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, shuningdek, BAAning O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Said Matar Al Kemzi va boshqa yuqori martabali mahalliy amaldorlar flydubai bosh ijrochi direktori janob Geyt Al Geyt boshchiligidagi delegatsiyani kutib olishdi.

Dubay - Samarqand - Dubay yo'nalishi bo'yicha yangi yo'nalish ochilishi doirasida matbuot anjumani o’tkazilib, unda O'zbekiston Respublikasi transport vaziri o'rinbosari Jasurbek Choriyev, O'zbekiston Respublikasi turizm va madaniy meros vaziri o'rinbosari Nusratilla Zikrillayev, "Uzbekistan Airports" AJ boshqaruvi raisi Ra'no Yurayeva, BAAning O'zbekiston Respublikasidagi elchisi Said Matar Al Kemzi hamda O'zbekiston Respublikasi Air Marakanda Bosh direktori G’ayrat Nematov va FlyDubai aviakompaniyasining bosh ijrochi direktori Geyt Al Geyt ishtirok etdi.

“Samarqandni Dubay bilan bog‘lovchi yangi yo‘nalishning ochilishi butun Samarqand viloyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Yangi hamkorimiz flydubai bilan hamkorlikda biz Samarqand xalqaro aeroporti bilan dunyodagi eng yirik va tez rivojlanayotgan markazlardan biri oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reys aloqasini oʻrnatdik. Air Marakanda yangi aviatashuvchini mamnuniyat bilan kutib oladi va yo‘lovchilarga Dubayga parvozlar uchun eng qulay sharoitlarni ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi”,- deya ta’kidlagan “Air Marakanda” AJ Samarqand aeroporti menejeri G‘ayrat Ne’matov.