Samarqandda avtobuslar harakati uchun maxsus yo’lak ajratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 29-aprel kuni Samarqand shahrida transport tizimini rivojlantirish boʼyicha rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari Samarqand shahrida jamoat transporti tizimini rivojlantirish boʼyicha topshiriq bergan edi. Taqdimotda xorijiy ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan takliflar muhokama qilindi.

Unga koʼra, jamoat transporti tarmogʼi magistral, yetkazib beruvchi va ichki yoʼnalishlarga ajratiladi. Hozirgiga qoʼshimcha 40 ta yangi yoʼnalish, xususan, aeroport, vokzal va tarixiy markazlarni bogʼlaydigan 5 ta ekspress yoʼnalish tashkil etiladi. Аvtobuslar katta sigʼimlisiga almashtirilib, markaziy koʼchalarda ularning harakati uchun alohida yoʼlak ajratiladi. 2022-yilda 80 ta, 2023-yilda 100 ta elektrobus olib kelinadi. Bekatlar soni koʼpaytiriladi. Samarqand shahar hokimligi tarkibida Transport boʼlimi tashkil etiladi. 1-iyuldan boshlab, Samarqand viloyati budjetidan shahar transportiga subsidiya ajratish yoʼlga qoʼyiladi.

“Hayot tezlashdi, odamlarning faolligi oshdi. Lekin jamoat transporti avvalgiday turibdi. Yoʼlni kengaytirish bilan tirbandlik muammosini hal etib boʼlmaydi. Jamoat transportiga ustunlik berish kerak. Dunyo tajribasiga qaranglar. “Аqlli svetofor”lar oʼrnatib, yoʼl harakatini onlayn boshqarib, koʼchalarning oʼtkazuvchanligini oshirish zarur. Kelgusida hamma shaharlarimizda shunday qilamiz. Samarqand bunda andoza boʼlishi kerak”, dedi Prezident.

“Odamlar bu ishlarni qulayligidan sezishi kerak. Jamoat transportida yurish arzon, sifatli va tez boʼlsa, yoʼlovchilar shuni tanlaydi. Buning uchun infratuzilmani, yoʼnalishlarni toʼgʼri tashkil qilish kerak”, dedi davlatimiz rahbari.

Pastdargʼom va Bulungʼur tumanlarini Samarqand shahri bilan bogʼlaydigan elektropoyezd qatnovini yoʼlga qoʼyish taklifi bildirildi.

Taqdimotda Samarqand viloyati maxsus ekspluatatsiya-montaj boʼlinmasi tomonidan amalga oshiriladigan ishlar ham koʼrib chiqildi. Samarqand shahridagi 49 ta chorrahada “transport oqimini raqamli boshqarish” tizimi joriy etilishi, 140 ta chorrahaga zamonaviy svetoforlar oʼrnatilishi, markaziy koʼchalar zamonaviy yoʼl belgilari bilan jihozlanishi qayd etildi. Natijada svetoforda turish vaqti 31 foizga, harakat vaqti 36 foizga, harakat tezligi 17 foizga yaxshilanadi.