Samarqandda mintaqa savdo-sanoat siyosatining istiqboli muhokama qilindi

O‘zbekiston iqtisodiy forumi – 2022 doirasida “Savdo-sanoat siyosati” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda sanoat siyosatini takomillashtirish va savdoni erkinlashtirish, xalqaro tashkilotlar hamda investorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, mintaqaviy va jahon savdo bitimlariga integratsiyalashish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Unda Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov, moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Omonulla Nasritdinxodjayev, Navoiy kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisi Quvondiq Sanaqulov, “Agrico” kompaniyasining mintaqaviy menejeri Firuza Tatybayeva, Jahon bankining savdo va mintaqaviy integratsiya amaliyoti menejeri Antonio Nutsifora, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida pandemiya va davom etayotgan geosiyosiy jarayonlarning mintaqa iqtisodiyotiga ta’siri ko‘rib chiqildi. Muammolarni yengib o‘tish uchun barqarorlikni saqlash, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ulushini oshirish bilan birga eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish va raqamli iqtisodiyotdagi oʻrinni mustahkamlash zarurligi qayd etildi.
Ishtirokchilar O‘zbekistonning savdoni liberallashtirishga qaratilgan islohotlari va JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar jarayonidagi muvaffaqiyatlarga yuqori baho berib, savdo tartib-qoidalarini yanada soddalashtirish va tashqi bozorlarga chiqish hamda investitsiyaviy salohiyat darajasini oshirish, yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish, yangi sanoat tizimini joriy etish, raqobat sohasida siyosatni amalga oshirish va raqobatdosh ustunliklarga asoslangan holda ustuvor tarmoqlarni rivojlantirish, transport va logistika xizmatlari bozorini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.






