Samarqandda navbatdagi Markaziy Osiyo Yengil Atletika Chempionati

Joriy yilning 23-sentabridan 25-sentabriga qadar Samarqand shahrida Yengil atletika bo‘yicha Markaziy Osiyo 4-Ochiq chempionati bo‘lib o‘tadi. Mazkur xalqaro musobaqada 11 ta mamlakatdan 300 dan ortiq sportchilar ishtirok etadi.

Ochiq turnirda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston va Tojikiston terma jamoalari tashrif buyuradi. Ularga Malayziya, Tailand va Filippin davlatlaridan sportchilar qo‘shiladi.

Sport musobaqasi O‘zbekiston Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va Yengil atletika federatsiyasi tomonidan Markaziy Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi va “O‘zbekneftgaz” AJ ko‘magida tashkil etildi.

Ta’kidlanishicha, Samarqand shahridagi “Afrosiyob Arena” sport majmuasi yengil atletika bo‘yicha Markaziy Osiyo Ochiq chempionati o’tkaziladigan majmua bo’ladi. Shuningdek, musobaqaning uchinchi kunida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi kubogi o‘ynalishining, “Save Aral 2022” xalqaro xayriya ommaviy yugurish musobaqasining navbatdagi bosqichi o’tkaziladi.