Samarqandda O‘zbekiston-BAA Hukumatlararo komissiyasining 5-yig‘ilishi o’tkaziladi

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi O‘zbekiston Ishchi guruhi Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib turibdi. Tashrifning birinchi kuni doirasida BAA Iqtisodiyot vazirligi hamda Energetika va infratuzilma vazirligi rahbariyati bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.
Xususan, Iqtisodiyot vaziri Abdulla bin Tuk al-Marri bilan o‘tkazilgan muloqotda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.
Turizm, kimyo, qishloq xo‘jaligi, qurilish va boshqa sohalardagi kompaniyalarning davlat ulushini sotib olishni nazarda tutgan holda, BAA kompaniyalarining O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Joriy yilning may oyida Samarqand shahrida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-BAA Hukumatlararo komissiyasining 5-yig‘ilishini hamda qo‘shma biznes-forumni tashkil etish masalasi kelishib olindi.
Energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad al-Mazrui bilan muloqot chog‘ida O‘zbekiston energetika sohasi va infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishlarida ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
BAA tomoni O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi hamkorlik samarali va muvaffaqiyatli o‘zaro sheriklikning amaliy namunasi ekanini alohida ta’kidladi.






