Samarqandda O'zbekiston-Vengriya biznes forumi o'tkazilmoqda

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida bugun, 10-noyabr kuni Samarqanddagi “Silk Road Minyoun” mehmonxonasida O'zbekiston -Vengriya biznes forumi boʼlib oʼtmoqda.

Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etayotgan forum Oʼzbekiston va Vengriya oʼrtasidagi sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida oʼzaro munosabatni har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan.

Аnjumanning ochilish marosimida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʼrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xoʼjayev ushbu voqea, aynan, Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti oldidan oʼtayotganida ramziy maʼno borligini taʼkidladi.

Shuningdek, “Oʻzaro savdo hajmlarimiz jadal ravishda oʻsmoqda (5 yil damovida – 3 barobar). Qoʻshma korxonalar soni (15) va investitsiyalar hajmi oshib bormoqda (2022-yilda – $30 mln. dan ortiq)”,- deya ta'kidladi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev.

Bundan tashqari, "Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning oktyabr oyida Vengriyaga boʻlib oʻtgan rasmiy tashrifi yakunlari boʻyicha qiymati 1 mlrd. dollardan ortiq boʻlgan yangi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni qabul qildik", — deya alohida qayd etdi, Jamshid Xodjayev.

Forumda, shuningdek, Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto ham nutq soʼzladi. U mazkur yigʼilishda 40 dan ziyod korxona vakillari ishtirok etayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Tadbirning birinchi qismida hujjatlar almashish va imzolash marosimi boʼlib oʼtdi.

Biznes-forum doirasida Oʼzbekiston va Vengriyaning vazirlik, idoralari, tarmoq birlashmalari, banklari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari oʼrtasida “G2B” va “B2B” uchrashuvlar ham tashkil etiladi.