Samarqandga navbatdagi tashrif: Qirg’iziston Prezidenti

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga ko’ra Turkiy Davlatlar Tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun ko’hna Samarqandga yetib keldi.

Martabali mehmonni Samarqand xalqaro aeroportida O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.

Qirg‘iziston Turkiy Davlatlar Tashkilotiga (o’sha vaqtdagi nomi Turkiy Kengash) 2009-yil 3-oktabrida a’zo bo’lgan. Qayd etish joizki Ozarbayjonning Naxchivon shahrida o’tkazilgan uchrashuvda, “Naxchivon kelishuvi” imzolanishida Ozarbayjon, Qozog’iston, va Turkiya qatorida Qirg’iziston ham bo’lgan.

Turkiy kengash xalqaro tashkilotining o’z ramziy bayrog’i 2012-yil 23-avgust kuni aynan Bishkekda bo’lib o’tgan ikkinchi sammitda qabul qilingan.

Qayd etish joiz, Qirg‘iziston Prezidentining 2021-yil mart oyida mamlakatimizga tashrifi doirasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston Qo‘shma bayonoti qabul qilingan edi. Umumiy hisobda esa, tashrif doirasida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qirg‘iziston sherikligining deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolangan.

Qariyb 50 ta qo‘shma loyihani amalga oshirish nazarda tutilgan Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi, O‘zbekiston-Qirg‘iziston Investitsiya fondini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim, elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish, Qirg‘izistonda gidroenergetika obyektlarini qurish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatlar shular jumlasidan.