Sammit qatnashchilarining koʼhna va navqiron Samarqandga tashrifi

Xabar berganimizdek, 8-9-sentabr kunlari Toshkentda Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining navbatdagi 14-sammiti boʼlib oʼtdi. Bugun, 10-sentabr kuni Sammit ishtirokchilari Senat Raisi Tanzila Narbayeva hamorohligida koʼhna va hamisha navqiron Samarqand shahriga tashrif buyurishdi.

Kunning birinchi yarmida sammit qatnashchilari Mirzo Ulugʼbek rasadxonasida boʼldilar. Taʼkidlash joiz, Аmir Temurning suyukli nabirasi boʼlgan Muhammad Taragʼay Mirzo Ulugʼbek buyuk astronom olim va hukmdor sifatida ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qoʼshgan.

Mehmonlar tashrif buyurgan obyektlardan yana biri Xoja Doniyor maqbarasi boʼldi. Bu tarixiy maskan uch din vakillari uchun ham muqaddas ziyoratgoh sanaladi. Bunday tabarruk boʼlgan maskanlar dunyoda kam uchraydi.

Shundan soʼng Sammit ishtirokchilari noyob tarixiy-meʼmoriy inshoot hisoblangan Shohi Zinda yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdilar. Majmuaning oʼziga xos yoʼlaklari va mahobatli binolari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Bibixonim majmuasi. Masjidga qadam qoʼyilishi bilan uning ulkan ravogʼi sayyohlarni oʼziga maftun etadi. Hovli markazini VII asrda keltirilgan muqaddas Qurʼoni karim uchun oʼrnatilgan marmar lavh bezab turibdi. Ushbu oʼziga xos arxitektura yodgorligi majmuaga tashrif buyurgan mehmonlarni oʼziga maftun etdi.