Sardor Umurzakov yosh tadbirkor loyihasiga 1,5 milliard so‘m investitsiya jalb etishda yordam berilishini ta’kidladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov Xorazmga tashrifi davomida yoshlarga IT sohasida ta’lim berib kelayotgan «DATA» o‘quv markazi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda Bright Uzbekistan manbaasi.

O‘quv markaz asoschisi Shahzod Sobirov Sardor Umurzakovga markazning yangi loyihalari strategiyasini taqdim etdi.

Yosh tadbirkorning Bright Uzbekistan muxbiriga xabar berishicha, 2023 yilda Yevropa tiklanish taraqqiyot banki bilan xamkorlikda Ukrainalik ekspertlar jamoasi bilan birga o‘quv markaz loyihasini franshizaga aylantirish va filiallar sonini bosqichma bosqich oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek u markaz qoshida Interaktiv videostudiya tashkil etilishi rejalashtirilayotgani va buning uchun 1 milliarddan ortiq mablag‘ kerakligini qo‘shimcha qilib, Prezident administratsiyasi rahbaridan ushbu masalada amaliy yordam so‘raganini, Sardor Umurzakov ushbu loyiha O‘zbekiston yoshlarini ta’limga yonaltirish uchun foydali ekanligini ta’kidlab, bu masalada yordam ko‘rsatilishi lozimligini qayd etganligini ma’lum qildi.

Ma’lumot o‘rnida, «DATA» o‘quv markazi kurslarini bugungi kunga qadar 2000 nafardan ortiq yoshlar o‘qib tugatib, ularga sertifikat topshirilgan va mehnat bozorida mavjud bo‘lgan bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirilgan.

Shu bilan birga markaz tomonidan 800 nafardan ortiq band bo‘lmagan ishsiz yoshlar viloyatdagi va respublikadagi videostudiyalarga, arxitektura firmalariga va IT korxonalariga ishga joylashtirilgan. Shuningdek, ularning 200 nafardan ortig‘i frilanserlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda.