SARS-CoV-2 virusiga qarshi immun suti Qoraqalpogʼiston fermer xoʼjaligidagi sigirlardan olingan

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Xalqaro molekular allergologiya markazi hamda Аvstriyaning Vena Tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda SARS-CoV-2 virusiga qarshi immun sutini olish loyihasini amalga oshirmoqdalar.

Xalqaro molekular allergologiya markazining Biotexnologiyalar va komparativ tibbiyot sohasidagi olimlar jamoasi ZF-UZ-VAC2001 Oʼzbekiston-Xitoy vaksinasi bilan emlangan sigirlarning immun sutidan tajriba namunalari oldi.

Olingan immun suti koronavirusga qarshi antitanachalarga ega boʼlib, SARS-CoV-2 virusini odam hujayrasidagi АPF-2 retseptori bilan bogʼlanishini neytrallashtirish xususiyatiga ega, bu virusning inson hujayrasiga kirishi va koʼpayishiga toʼsqinlik qiladi. Kelajakda mazkur immun suti va undan olingan mahsulotlar sanoat darajasida ishlab chiqarishga tavsiya etilishi mumkin.

Xalqaro molekular allergologiya markazi hamda Qoraqalpogʼiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan «PanaevFarms» FX kompaniyasi oʼrtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasiga koʼra, hozirda 31 bosh simmental (govmish) nasldor sigirlar hamda Аvstriya va Germaniyadan olib kelingan Golshtin zotli sigirlar xavfsiz va samarali boʼlgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 3 dozasi bilan toʼliq emlandi.