Saudiya Arabistoniga parvozlarni qayta tiklash

O'zbekiston va Saudiya Arabistoni 2021-yil 12-iyunidan "Ar-Riyod-Toshkent-Ar-Riyod" yo'nalishi bo'yicha aviaqatnovlarni qayta tiklashni rejalashtirmoqda.

O'zbekistonning Ar-Riyod shahridagi elchixonasi tomonidan O'zbekiston vazirliklari va idoralari, shuningdek, Saudiya Arabistonining Flynas aviakompaniyasi va Seera sayyohlik agentligi vakillari o'rtasida tashkil etilgan videokonferensiya davomida tomonlar aviareyslarni qayta tiklash imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Shuningdek, muzokaralar davomida "Uzbekistan Airways" va "Saudiya Flynas" o'rtasida turizm sohasidagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. "Flynas" kompaniyasi ma'lumotlariga ko'ra, 2021-yilning 12-iyundan boshlab "Ar-Riyod-Toshkent-Ar-Riyod" yo'nalishi bo'yicha haftasiga uch marta muntazam qatnovlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, Seera sayyohlik kompaniyasi saudiyaliklarga O'zbekistonga safar qilish uchun turli xil turpaketlarni taklif etadi. Kompaniya vakillari ushbu sohada O'zbekiston sayyohlik agentliklari bilan yaqin hamkorlikni yo'lga qo'yishdan manfaatdor ekanini ta'kidladilar.