Saudiyada havo harorati -6 darajagacha pasaydi

Saudiya Arabistoni shimolidagi Turayf hududida havo harorati keskin pasayib, -6 darajagacha tushdi. Bu mamlakatda oxirgi 30 yilda kuzatilgan eng past haroratdir.

Shimoliy Al-Qurayyat (-5 daraja) va Arar (-4 daraja) viloyatlarida ham sovuq harorat qayd etilgan. Turayf shahrida esa sovuq havo bilan birga kuchli qor yog‘ishi ham kuzatilgan.

Meteorologlarning ma’lumotlariga ko‘ra, podshohlik shimolida g‘ayritabiiy sovuqlik to‘lqini shu hafta ohirigacha davom etadi, markaziy va sharqiy hududlarda esa havo harorati keskin soviydi.

Shimoliy viloyatlar rasmiylari turar-joy binolarini isitish uchun zarur bo‘lgan kerosin taqchilligi tahdidi tufayli odamlarning yoqilg‘i quyish shoxobchalarida yig‘ilganini ta’kidlagan.

Past haroratlar Madina (9 daraja), Makka (11 daraja) va Ar-Riyodda (16 daraja) ham qayd etilgan.