Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Bangladesh hukumatlararo komissiyasining 3-yig'ilishi

Bugun, 29-iyul kuni Dakka shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Bangladesh hukumatlararo komissiyasining 3-yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Yig'ilishga O'zbekiston Respublikasi Bosh vazir o'rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Bangladesh Xalq Respublikasi savdo vaziri Tipu Munshi raislik qildi.
Muloqotda, shuningdek, ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari, diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi. Savdo-iqtisodiy munosabatlar, sanoat kooperatsiyasi va madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikning hozirgi holati hamda ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollariga to'xtalib, tomonlar Investitsiyalarni rag'batlantirish va o'zaro himoya qilish to'g'risidagi Bitimni faollashtirishga hamda yuqori qo'shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo'yicha qo'shma korxonalar tashkil etilishini rag'batlantirishga kelishib oldilar.
Tomonlarning diqqat markazida madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham bor edi. O'zbekiston va Bangladesh o'rtasida diplomatik aloqalar o'rnatilganligining 30 yilligi munosabati bilan 2022-yil davomida Bangladeshda O'zbekiston madaniyati kunlari va O'zbekistonda Bangladesh madaniyati kunlarini o'tkazishga kelishildi.
Bundan tashqari, turizm sohasidagi hamkorlikni jadallashtirish, jumladan, "Umra+" dasturi doirasida tranzit yo'nalishlari bo'ylab o'tayotgan Bangladesh ziyoratchilarining O'zbekistonning turizm infratuzilmasidan foydalanish masalalari muhokama qilindi.






