Savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Tehron shahrida Oʼzbekiston Respublikasi bilan Eron Islom Respublikasi oʼrtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʼyicha Hukumatlararo komissiyasining 14-yigʼilishi boʼlib oʼtdi.

Yigʼilishga Oʼzbekiston tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Eron tomonidan Eron Islom Respublikasi sanoat, konlar va savdo vaziri Said Rizo Fotimi Аmin hamraislik qildi. Tadbirda ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Yigʼilish kun tartibi doirasida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, madaniy-gumanitar sohalarda oʼzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha koʼrib chiqildi, yuqorida qayd etilgan sohalarda ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash boʼyicha navbatdagi tadbirlar belgilandi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilar ekan, tomonlar ushbu sohadagi ijobiy tendensiyalarni qayd etdilar. Jumladan, joriy yil boshidan Oʼzbekiston-Eron tovar aylanmasining ijobiy dinamikasi qayta tiklandi.

HK platformasida transport va logistika boʼyicha qoʼshma kichik qoʼmitani tashkil etish toʼgʼrisida kelishuvga erishildi. Shuningdek, ikki mamlakat transport idoralari tomonidan ushbu takliflarni amalga oshirishning aniq chora-tadbirlari va muddatlarini oʼz ichiga olgan qoʼshma “Yoʼl xaritasi”ni ishlab chiqilishiga kelishildi.

Bundan tashqari, investitsiyaviy va ishlab chiqarish salohiyatini oʼrganish hamda hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qilish maqsadida Oʼzbekiston hududlariga Eronning sanoat jihatidan rivojlangan hududlari maʼmuriyatlari rahbarlaridan iborat biznes-missiyalar tashkil etiladi.