Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturi qabul qilinadi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.

Muzokaralarda tarixiy ildizlarimiz va dinimiz birligi, tillarimiz, madaniyat va an’analarimiz mushtarakligi O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligining mustahkam asosi bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

“Turkmaniston Prezidentining davlat tashrifini xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari buzilmas, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash intilish bardavom ekanligining yorqin tasdig‘i sifatida qabul qilamiz”, - dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Tomonlar kimyo tarmog‘idagi aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini yuksak baholadilar. Avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachik va farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligida kooperatsiyani kengaytirish rejalashtirilgan.

Shu maqsadda o‘rta mudddatli Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturi qabul qilinadi. Bundan tashqari, eng istiqbolli loyihalarni ilgari surish uchun qo‘shma loyiha ofisi tashkil etiladi.

Transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi. O‘tgan yilda yuk tashishlar hajmi 17 foizga ortib, bu tendensiya joriy yilda ham saqlanib qolmoqda. Tomonlar mintaqa mamlakatlarining noyob tranzit salohiyatidan samarali foydalanish uchun qulay sharoitlar yaratish, shu jumladan yuklarni tashish uchun o‘zaro imtiyoz va chegirmalar berishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Davlat rahbarlari suv-energetika sohasidagi hamkorlikka to‘xtalar ekanlar, Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hukumatlararo komissiya muvaffaqiyatli ishlayotganini ta’kidladilar. Prezidentimiz bugun mintaqa suv resurslaridan oqilona foydalanishga xizmat qiladigan tarixiy ahamiyatga ega Amudaryo bo‘yicha bitim imzolanishini mamnuniyat bilan qayd etdi.