Sayyohlarga viza berish keskin liberallashtirildi

Yig’ilishda ta’kidlanishicha, soʼnggi yillarda turizm sohasi oldidagi 11 ta katta muammolardan 6 tasi hal qilindi. Xususan, sayyohlarga viza berish keskin liberallashtirilgani va valyuta ayirboshlashga cheklovlar bekor qilingani shular jumlasidandir.
Shuningdek:
Аeroportlarda navbatlar va tekshirishlarga barham berildi, yashil yoʼlaklar qilindi, vokzallarda ham qulay sharoitlar yaratildi;
Mehmonlar elektron roʼyxatdan oʼtkaziladigan boʼldi, ular erkin harakatlanishi uchun hamma sharoitlar yaratildi;
Mehmon oʼrinlari soni 3 barobarga koʼpayib, 125 mingtaga yetdi (2017 yilda 37 mingta edi);
Turistik korxonalar uchun ijtimoiy soliq va aylanma soliq stavkalari 1 foiz etib belgilandi, yer soligʼi va mol-mulk soliq stavkalari 90 foizga kamaytirildi.
Bundan tashqari, yig’ilishda qayd etilishicha, bundan buyon viloyat, tuman va shahar hokimlari haftasiga bir marta turoperator, mehmonxona va dam olish maskanlari vakillari bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilib boradigan tizim joriy qilinadi.






