Oziq-ovqat chiqindilari sementga aylanganda

Yaponiyalik olimlar oziq-ovqat chiqindilarini sementga aylantirish usulini ishlab chiqdilar. Bu kabi sement kelajakda turar joylar qurilishi uchun ishlatilishi ko’zda tutulmoqda. Qiziqarlisi shuki, sementni oziq-ovqat sifatida ham tanovul qilish mumkin bo’ladi.
Mutaxassislar bu kashfiyot oziq-ovqat chiqindilari va global isish muammolarini hal qilishda yordam berishiga umid bog’lamoqda.
Tokio universiteti tadqiqotchilari oziq-ovqat qoldiqlaridan betonga o‘xshash qurilish materialini muvaffaqiyatli tarzda ishlab chiqdilar.
Tarixda ilk bora sement butunlay oziq-ovqat chiqindilaridan ishlab chiqarilmoqda.
Sement tayyorlashda banan, piyoz va apelsin po'stlog'i, choy barglari, qahva donalari, qovoq va dengiz o'tlari kabi turli xil ovqatlardan foydalanildi.
Olimlar chiqindi sabzavotlarni quritib, kukunga aylantirishdi. Keyin esa, ular qolipda issiqlik bilan presslandi.
Olingan materiallar sifat jihatidan har xil bo'lsa-da, jamoaning ta'kidlashicha, ushbu aralashmaning kuchi betonnikidan sezilarli darajada kattaroq.
Tadqiqotda, karam sementdan deyarli to'rt barobar kuchliroq material bo’lib, u sabzavotlar ichida birinchilikni qo’lga kiritdi.
Mutaxassislarning qo‘shimcha qilishicha, undan tabiiy ofatlardan keyin uy-joy qurish uchun foydalanish mumkin. Kerak bo‘lsa, muhtojlarni ovqat va boshpana bilan ta’minlashda ham ishlatish imkoniyati mavjud.






