Sel suvlarini kichik manbalarda jamg‘arish uchun 100 mln dollar jalb qilinadi

Minataqamizda suv tanqis bo‘lgan bir sharoitda, Oʻzbekistonda yiliga 1 milliard kub metr sel suvlari behuda oqib ketayapti. Shu sabab sel suvlarini kichik manbalarda jamg‘arish kerak, bu borada tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlash zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev 18-aprel kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda.
Davlat rahbariga koʻra, bunday loyihalar uchun 100 million dollar jalb qilinadi. Ularning hisobiga suv chiqqan maydonlar tadbirkorlarning o‘zlariga uzoq muddatga erkin foydalanish uchun beriladi.
Bundan tashqari, hozirgi kunda 450 ming gektar yoki sug‘oriladigan maydonlarning 15 foizi lazerli texnologiyada tekislangan. Agar bunday yerlar 2 baravar ko‘paytirilsa, yana 900 million kub metr suv tejaladi, qo‘shimcha 200 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanadi. Shuning uchun joriy yilda mingta lazerli tekislagich olib kelinishi, klasterlar tomonidan fermerlarga lazerli tekislash xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.






