Senat chet elda ishlaydigan fuqarolarimizga yordam ko‘rsatmoqda

Xorijlik vatandoshlarimizning ijtimoiy tarmoqlar orqali “Bizni qul qilib sotib yuborganmisizlar?” deb qilgan videomurojaati yuzasidan Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘rganish olib borilayotgani haqida xabar berilgan edi. Qolaversa, Qo‘mita tomonidan ushbu masala yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga so‘rov ham yuborilgandi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Rossiyaning Karachayevo-Cherkesiya Respublikasidagi “Yujniy Agrokombinat” AJ o‘rtasida 2021 yil 14 iyun kuni kelishuv shartnomasi imzolangan. Shartnoma shartlariga muvofiq, 400 nafar fuqarolar qishloq xo‘jaligi sohasida ishlashi uchun ish beruvchi tomonidan tanlab olinishi, ishga jalb qilinishi va ularing oylik maoshlari 33 ming rubldan 50 ming rublgacha tashkil etishi belgilangan.
Fuqarolarning aviachipta va hujjatlarni rasmiylashtirish (patent) xarajatlari ish beruvchi hisobidan to‘langan, ushbu xarajatlar keyinchalik fuqarolarning oylik maoshlaridan qisman ushlab qolinishi, fuqarolar
1 yil ishlasa, ushlab qolingan xarajatlar ish beruvchi tomonidan to‘liq qoplab berilishiga kelishilgan.
Fuqarolar ish joyiga yetib borganidan so‘ng, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga telefon orqali mehnat va yashash sharoitlari noqulayligi hamda pasport hujjatlari ish beruvchi tomonidan olib ko‘yilganligi to‘g‘risida bir qator murojaatlar kelib tushgan.
Shu sababli, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i o‘rinbosari boshchiligida Ishchi guruh tuzilib, joriy yilning 14 iyul kuni Rossiya Federatsiyasiga uchib borgan va mazkur korxonada bo‘ldi.
Bugungi kunda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va uning Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi tomonidan ushbu korxonada faoliyat olib borayotgan fuqarolar bilan muntazam ravishda aloqa o‘rnatilib, ularning yashash va ishlash sharoitlari doimiy nazoratga olingan, 2021 yil 29 iyul kuni korxonaga takroran ishchi guruh xizmat safariga yuborilgan.






